Yevropa-Qrim-Kavkaz ekspozitsiyasida ayni vaqtda daraxt, buta va lianalarning 41 ta oila, 75 ta turkumga mansub 196 turining 1090 ta tirik namunalari saqlanmoqda, kolleksiyada Rosaceae oilasining Crataegus va Rosa turkumlari hamda keyingi o‘rinlarda Caprifoliceae oilasining Lonicera turkumi, Tiliaceae oilasining Tilia turkumi yetakchilik qiladi. Toshkent Botanika bog‘ida o‘simliklar genofondini saqlab qolish, noyob va yo‘qolib borayotgan o‘simlik turlarini introduksiya qilish va iqlimlashtirish, tabiiy va introduksiya sharoitida o‘simliklarning tirik kolleksiyalarini saqlab qolish bo‘yicha ko‘pgina ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ko‘kalamzorlashtirish uchun istiqbolli o‘simliklarni urug‘idan va vegetativ ko‘paytirish, dorivor o‘simliklar va mamlakatimizda xo‘jalik ahamiyatiga ega bo‘lgan daraxt, buta va o‘t o‘simliklarni ilmiy jihatdan o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.