Yagona aloqa raqami (+998) 55 512 14 24 Ishonch telefoni (+998) 55 514 14 24

“ILM VA SPORT — INSONNING IKKI QANOTIDIR” MADANIY-SPORT TADBIRI YUQORI SAVIYADA TASHKIL ETILDI.

2026 yil 13-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bogʻida Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat yuritayotgan yosh olimlar, ilmiy xodimlar va ularning farzandlari ishtirokida “Ilm va sport — insonning ikki qanotidir” shiori ostida madaniy-sport tadbiri boʻlib oʻtdi.

Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi, F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bogʻi, Botanika bogʻi kasaba uyushmasi qoʻmitasi hamda Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari kasaba uyushmalari hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi ilm-fan sohasida mehnat qilayotgan yosh olimlar va xodimlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, jamoalar oʻrtasidagi hamjihatlik va oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni qoʻllab-quvvatlash hamda farzandlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishdan iborat boʻldi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bogʻi direktori Sodiqjon Xoliqnazarovich Abdinazarov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi Sherzod Sultanbayevich Joʻrayev ishtirokchilarni qutlab, mamlakatimizda ilm-fan xodimlarini qoʻllab-quvvatlash, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz yuritdilar.

Tadbir doirasida erkaklar, ayollar va bolalar uchun turli sport musobaqalari, milliy xalq oʻyinlari hamda intellektual tanlovlar tashkil etildi. Xususan, yugurish, turnikda tortilish, polvon tosh koʻtarish, taxtada yurish, mix qoqish va arqon tortish boʻyicha qizgʻin bahslar oʻtkazildi. Bolalar uchun shashka, rasm chizish, “Tez top!” intellektual tanlovi va boshqa qiziqarli bellashuvlar tashkil qilinib, ularning iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etishlari uchun imkoniyat yaratildi.

Tadbirning eng qiziqarli qismlaridan biri oilaviy quvnoq startlar boʻlib, unda ota-onalar va farzandlar jamoa sifatida ishtirok etib, ahillik, hamjihatlik va jamoaviy ruh namunalarini koʻrsatdilar.

Musobaqalar yakunida gʻolib va sovrindorlar diplomlar, esdalik sovgʻalari hamda ragʻbatlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandilar.

Tadbir ishtirokchilari mazkur tashabbus ilm ahlini birlashtirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish va ilmiy muassasalar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida taʼkidladilar.


×