O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF–106-son Farmoni hamda uning 3-ilovasida belgilangan Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bo‘yicha milliy strategiya doirasida hududlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatning Yo‘l xaritasi 25-bandiga muvofiq, cho‘l hududlarida dendrologik va galofit o‘simliklardan tashkil topgan bog‘larni barpo etish muhim vazifa etib belgilangan.
Iqlim o‘zgarishi sharoitida cho‘l hududlarida barqaror yashil makonlar yaratish uchun sho‘rlangan va qurg‘oqchil muhitga moslashgan o‘simlik turlarini ilmiy asosda tanlash va joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois respublikamizning cho‘l hududlarida o‘suvchi o‘simliklar bo‘yicha avval o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tahlil qilish va ularni amaliyotga tatbiq etishga ehtiyoj ortib bormoqda.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida Toshkent botanika bog‘ining Ellikqal’a filiali tarkibidagi Mo‘ynoq tumanida joylashgan Manzarali o‘simlik turlarini yetishtirish bo‘limi yer maydonini kengaytirish rejalashtirilgan. Bu cho‘l sharoitida manzarali daraxt va buta turlarining moslashuvchanligini o‘rganish, ularning ekologik va estetik ahamiyatini baholash imkonini beradi.
Shu doirada Toshkent botanika bog‘i mutaxassisi Muxammad Rezo Baxshi Abdul-Azizovich joriy yilning 21–26-yanvar kunlari xizmat safari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida bo‘lib, bo‘limga qo‘shimcha 10 gektar yer maydoni ajratilishi masalasini joyida o‘rgandi. Shuningdek, Toshkent botanika bog‘ida yetishtirilayotgan manzarali daraxt va buta turlarining hududning tabiiy-iqlim sharoitlariga mos ko‘chatlari, urug‘lari va qalamchalarini yetkazib berish va ekish orqali kolleksiyani boyitish uchun yana qo‘shimcha 10 gektar maydondan foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Bugungi kunda ushbu yo‘nalishdagi ishlar ilmiy asoslangan, izchil va rejali tarzda davom ettirilmoqda. Amalga oshirilayotgan tadbirlar cho‘l hududlarida biologik xilma-xillikni saqlash, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan yashil infratuzilmani shakllantirishga xizmat qilmoqda.









