Yagona aloqa raqami (+998) 55 512 14 24 Ishonch telefoni (+998) 55 514 14 24

Toshkent Botanika bog‘ida bahorning ilk darakchilari: Manzarali o‘t o‘simliklar kolleksiyasining bahorgi ekspozitsiyasi

 Manzarali o‘t o‘simliklar kolleksiyasi o‘simlik turlarini saqlash, introduksiya qilish, bioekologik xususiyatlarini o‘rganish, fenologik kuzatuvlar olib borish hamda urug‘ mahsuldorligini aniqlash maqsadida shakllantirilgan ilmiy-amaliy ekspozitsiyadir.

Hozirgi kunda kolleksiyada 27 oila, 107 turkumga mansub 243 tur manzarali o‘t o‘simliklari mavjud bo‘lib, ular ustida muntazam fenologik va bioekologik tadqiqotlar olib borilmoqda.

Kolleksiyada quyidagi oilalar yetakchi o‘rin egallaydi:

Asteraceae — Aster turkumi

Campanulaceae — Campanula turkumi

Ranunculaceae — Aquilegia turkumi

Scrophulariaceae — Penstemon turkumi

Bahorgi gullash dinamikasi

Bahorgi davr kolleksiyada alohida estetik va ilmiy ahamiyat kasb etadi. Mart oyining oxiri – aprel oyining boshlarida erta gullovchi ko‘p yillik piyozli va ildizpoyali o‘simliklar vegetatsiya bosqichining faol davriga kiradi. Ushbu jarayon fenologik kuzatuvlar orqali muntazam qayd etiladi.

Bahorgi ekspozitsiyada ayniqsa erta gullovchi turlar yorqin ranglari, nozik tuzilishi va sovuqqa chidamliligi bilan ajralib turadi.

Boychechak – bahorning ramziy o‘simligi

Galanthus (Boychechak) — Amaryllidaceae oilasiga mansub ko‘p yillik piyozli o‘simlik bo‘lib, erta bahorda gullashi bilan mashhur. Xalq orasida “qor guli” nomi bilan tanilgan ushbu o‘simlik qor erishi bilanoq gullaydi va bahorning ilk darakchilaridan biri hisoblanadi.

Morfologik tavsifi:

Bo‘yi: 10–20 sm

Barglari: uzunchoq, to‘q yashil yoki kulrang-yashil

Guli: oq rangli, qo‘ng‘iroqsimon, pastga egilgan

Gulbarglari: 6 ta (3 tashqi yirik, 3 ichki kichik)

Ichki gulbarglarida yashil dog‘ yoki chiziqlar mavjud

Galanthus turlari asosan Yevropa, Kavkaz va Kichik Osiyo hududlarida tabiiy holda tarqalgan bo‘lib, ayrim turlari Markaziy Osiyoda ham uchraydi.

Boychechak o‘zining erta gullashi, sovuqqa chidamliligi va nafis ko‘rinishi bilan landshaft kompozitsiyalarida muhim ahamiyatga ega.

Hozirgi vaqtda Toshkent Botanika bog‘ida boychechaklarning faol gullash bosqichi kuzatilmoqda.


×