O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘ining Biotexnologiya laboratoriyasi xodimi Xazratov Abbos To‘lqin o‘g‘li 2026-yil 5-mart kuni Qirg‘iziston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi E.Z. Gareev nomidagi Botanika bog‘iga (BS NAN KR) tashrif buyurdi.
Mazkur Botanika bog‘i 1938-yil mart oyida tashkil etilgan (arxitektorlar I. Vyxodsev va E. Nikitin). 1964-yilda Botanika bog‘iga ilmiy-tadqiqot instituti (ITI) maqomi berilgan. Hozirgi kunda bog‘ tarkibida 4 ta ilmiy laboratoriya faoliyat yuritadi: daraxt va buta o‘simliklari laboratoriyasi, gul-manzarali o‘simliklar laboratoriyasi, mevali o‘simliklar biologiyasi laboratoriyasi hamda o‘simliklar chidamliligi fiziologiyasi laboratoriyasi.
Botanika bog‘ida 2,5 mingdan ortiq daraxt va buta o‘simliklari turlari va shakllari, 3,5 mingdan ortiq gul-manzarali, issiqxona va o‘t o‘simliklari, shuningdek 8 mingdan ortiq yangi shakl va navdagi mevali o‘simliklar kolleksiyasi jamlangan. Turlar xilma-xilligi jihatidan mazkur Botanika bog‘i Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi hamda MDH hududidagi eng boy botanika kolleksiyalaridan biri hisoblanadi. Botanika bog‘i Xalqaro botanika bog‘lari assotsiatsiyasi (IBGA) a’zosi hisoblanadi.
Tashrif davomida E.Z. Gareev nomidagi Botanika bog‘ining yetakchi ilmiy xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar jarayonida botanika bog‘ining issiqxona majmualari, dendrologik uchastkalari hamda turli ekspozitsion bo‘limlari bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, o‘simlik kolleksiyalarini saqlash, ko‘paytirish va boyitish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida ma’lumotlar almashildi.
Tashrif yakunida F.N. Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i kolleksiyalarini boyitish maqsadida o‘simlik urug‘lari va ko‘chatlari almashinuvi amalga oshirildi. Tomonlar o‘rtasida kelgusida o‘simliklar genofondini saqlash, botanika kolleksiyalarini boyitish hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.





