Bu chinor turi chinordoshlar oilasining eng muhim turlaridan biri hisoblanadi. 1753 yilda buyuk botanik olim K. Linney birinchi bor ikkita chinor turini ilmiy tavsiflab bergan. Keyingi yillarda sharq chinorining areali kengayishi kuzatilmoqda, chunki u ko‘plab madaniy holda ko‘kalamzorlashtirish maqsadlarida va yog‘ochi uchun o‘stirilmoqda. O‘zbekistonda yovvoyi chinor Qashqadaryo viloyati Palandara daryo havzasida o‘sishi qayd etilgan. Chinor turlari meva bandidagi sharsimon mevalari soniga ko‘ra ajratiladi. Agar bitta mevasi bo‘lsa, g‘arb chinori, 1-3 mevalari bo‘lsa zarangbargli chinor, 3-7 mevasi bo‘lsa sharq chinoriga tegishli bo‘ladi. Urug‘lari cho‘zinchoq, uzun meva bandida osilib turadi. Daraxtlardagi sharchalar butun qish davomida daraxtda osilib turadi va bahorda alohida urug‘larga ajralib atrofga shamol yordamida sochilib ketadi. Sharq chinorini o‘sish areali Kichik Osiyo. O‘rta Yer dengizi atroflari, sharqiy Kavkaz, Eron va Afg‘oniston hududlarini o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston janubida Hisor tog‘larida (To‘polang daryosi havzasi) chinorning tabiiy kichik o‘rmonlarida uchraydi. Sharq chinori soya beruvchi daraxt sifatida shahar va qishloqlami ko‘kalamzorlashtirishda uzoq o‘tmishdan boshlab keng foydalanib kelingan, mahalliy aholining yog‘ochga bo‘lgan talabini chinorning sifatli uzoq saqlanuvchi yog‘ochi hisobiga qondirilgan. Balandligi 40 m gacha bo‘lib, diametri 3-4 metrgacha o‘sadi. Chinor uzoq umr ko‘radi, respublikamizda uning 800-1000 yoshli daraxtlari mavjud. Sovuqqa o‘rtacha chidamli, MDH ning Yevropa qismida sovuqdan zararlanadi, shu sababli uni sovuq mintaqalarda ekish cheklangan.