Ariq, ko‘l bo‘ylarida, o‘tloq, to‘qay, butalar orasida va boshqa nam yerlarda o‘sadi. Moldova, Ukraina, Belorus, Rossiyaning Yevropa qismining o‘rmon-cho‘l zonasida va Qrim, Kavkaz, o‘arbiy Sibir, Qozog‘iston hamda O‘rta Osiyoda uchraydi. Ukrainada o‘stiriladi. |
Gulxayri ko‘p yillik, bo‘yi 150-160 sm bo‘ladigan o‘t o‘simlik. Ildizpoyasi kalta, yo‘g‘on, ko‘p boshli. O‘q ildizi 50 sm uzunlikda bo‘lib, yuqori qismi yog‘ochlangan bo‘ladi. Poyasi - bitta yoki bir nechta, tik o‘suvchi, silindrsimon, kam shoxli, pastki qismi yog‘ochlangan. Bargi oddiy bo‘lib, bandi bilan poyada ketma-ket joylashgan, poyaning yuqori qismidagilari butun, tuxumsimon, o‘rta va pastkilari esa uch yoki besh bo‘lakli, qo‘shimcha bargi mayda, ingichka, lansetsimon yoki chiziqsimon. Barg plastinkasi o‘tkir uchli va tishsimon qirrali bo‘ladi. Poya, shox va bargi sertuk bo‘lganidan kulrang-yashil tusda ko‘rinadi. Gullari barg qo‘ltig‘iga, poya va shoxlari uchiga joylashgan bo‘ladi. Gulkosachasi ikki qavatli. Pastki kosacha 8-12 bo‘lakka ajralgan, ustki kosachasi esa besh bo‘lakli. Kosacha barglari meva bilan qoladi. Tojbargi 5 ta bo‘lib, pushti rangda, otaligi (changchi) ko‘p sonli. Ular ipi bilan birlashib, naycha hosil qiladi. Onalik (urug‘chi) tuguni 15-25 xonali, yuqoriga joylashgan. Mevasi - yassi, yumaloq, serurug‘li, quruq meva. Iyun oyidan sentabrgacha gullaydi, mevasi iyuldan boshlab yetiladi. |
Gulxayri ildizining preparatlari o‘rab oluvchi, balg‘am ko‘chiruvchi hamda yallig‘lanishga qarshi (ayniqsa, bolalarning nafas yo‘llari kasallanganda) dori sifatida ishlatiladi. Dorivor preparatlari. Qaynatma, quruq ekstrakt, kukun (poroshok), sharbat. Kubik shaklida qirqilgan ildiz nafas olish yo‘llari kasalliklarida ishlatiladigan turli yig‘malar (Species pectoralis va boshqalar) tarkibiga kiradi. |
Dorivor gulxayri o‘simligi ekiladigan maydonlar kuzda yer haydash oldidan gektariga 20-25 tonna organik o‘g‘itlar va 40-50 kg superfosfat o‘g‘iti bilan oziqlantirib 25-28 sm chuqurlikda haydab qo‘yiladi. Gulxayri urug‘i erta bahorda yoki kech kuzda ekiladi. Kuzda ekilganlarining unishi yaxshi bo‘ladi. Bahorda ekilgan o‘simlik qiyg‘och unishi uchun urug‘ 2-3 soatga 20-25 daraja issiq suvda ivitib qo‘yiladi. Keyin suv bir oz sovigandan so‘ng to‘shalgan brezent yoki bo‘z ustiga yupqa qilib yoyiladi, tez qurishi uchun tez-tez aralashtirib turiladi. Sochiluvchanlik xususiyatga ega bo‘lgandan keyin ekishga kirishiladi. Urug‘larni sabzavot ekadigan seyalkalarda 1-2 sm chuqurlikda tuproqqa qadaladi. Egatlar oralig‘i 60-70 sm va o‘simlik oralig‘i 10-12 sm qilib ekiladi va gektariga 10-12 kg urug‘ sarflanadi. Unib chiqqan maysalarda 3-5 ta chin barg hosil bo‘lgach egatlar olinib ketma-ket sug‘orib turiladi. Mo‘tadil sharoitda dorivor gulxayri urug‘lari 8-10 kunda, tuproq namligi yetarli bo‘lmagan maydonlarda 18-20 kundan keyin unib chiqadi. Maysalar to‘liq unib chiqqandan keyin, ya’ni birinchi sug‘orishdan 7-10 kun o‘tgach yagana o‘tkaziladi va 1 metr yerda 8-10 ta sog‘lom o‘simlik qoldiriladi. O‘simliklarni bu darajada siyraklashtirish natijasida ularning o‘sishi va rivojlanishi tezlashadi. Ikkinchi va keyingi yillarda esa o‘simlikning bo‘yi 200-230 sm dan oshadi. Dorivor gulxayri ekilgan maydonlar birinchi yili 5-6 marta o‘toq qilinadi va oralari kultivatsiya yordamida yumshatiladi. Zaruratga ko‘ra o‘simliklar orasidagi begona o‘tlar qo‘l kuchi bilan tozalanadi. Gulxayri ekilgan maydon birinchi yili 8-10 marta sug‘oriladi. Gulxayri mineral o‘g‘itlarga (ayniqsa azotli va fosforli) talabchan o‘simlik hisoblanadi. |