Oddiy yoki itburun na’matak (Rosa canina L.) Шиповник собачий.
Na’matak turlari orasida keng tarqalgan tur, tabiiy holda Markaziy Osiyodan tashqari MDHning Yevropa qismida, Kavkazda ham uchraydi. Quyi va oila tog‘li hududlarda tog‘ daryolari va soylar havzalarida ko‘plab o‘sadi. Madaniy atirgullar uchun asosiy payvandtag hisoblanadi, manzarali buta sifatida ko‘kalamzorlashtirishda keng foydalaniladi. Na’matak turlari tog‘li hududlarda 1000-2800 metr dengiz sathidan balandliklarda keng tarqalgan. Na’matak. mevalari tabiiy vitaminlar konsentrati deb ham ataladi. Mevalari S vitamini miqdoriga ko‘ra o‘simlik dunyosida birinchi o‘rinda turadi (6% gacha). Bundan tashqari mevasida qandlar, karotin, lirnon kislotasi, pektin oshlovchi moddalar mavjud. Tog‘ o‘rmon melioratsiyasida va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirishda keng foydalaniladi. Mevasi (gipantiy) ichida 8-15 tagacha urug‘lar rivojlanadi. Urug‘lari bir urug‘li yong‘oqcha, och jigarrangda bo‘lib dumaloq, tuxumsimon shaklida ham bo‘ladi.
May oyida gullaydi, gullari oq pushti rangda, sentabrda mevasi pishib yetiladi. Mevasi olovrang qizil, cho‘zinchoq, tuxumsimon shaklga ega. 2-3 yoshidan boshlab mevaga kiradi, mevalari uzoq vaqt qishgacha butada saqlanadi. Atirgul uchun yaxshi payvandtag hisoblanadi. Hozirgi paytda na’matakning ushbu turi sanoat plantatsiyalarida ko‘plab ekilmoqda.
Toshkent Botanika bog‘iga Rosa canina L. turning urug‘lari Xosrov shaxridan, A.A.Mavjudov tamonidan 1979-yilda introduksiya qilish maqsadida olib kelinib ko‘chatxonalarga ekilgan. Urug‘lardan ekilgan nihollar 1980-yilning bahor oyida unub chiqqan va yosh nihollari 23.11.1983-yilda Yevropa-Qrim-Kavkaz ekspozitsiyasiga ko‘chirib o‘tkazilgan. Hozirgi vaqtda ekspozitsiyada ushbu turning 2 tup butasi o‘smoqda.