Tog‘rayhon O‘zbekistonning barcha tog‘ zonalarining pastki va o‘rta qismidagi mayda toshli qiyaliklarida o'sadi.
Ko‘p yillik, bo‘yi 30-60, ba’zan 90 sm ga yetadigan xushbo‘y o‘t o‘simlik. Poyasi bir nechta, tik o‘suvchi, yuqori qismi sershoxli, tukli va to‘rt qirrali bo‘ladi. Bargi oddiy, cho‘ziqtuxumsimon, o‘tkir uchli, tekis qirrali bo‘lib, bandi bilan poyada qarama-qarshi o‘rnashgan. Gullari mayda, barg qo‘ltig‘ida 2-3 tadan joylashib, qalqonsimon to‘pgul hosil qiladi. Qalqonsimon to‘pgullar poya uchida ro‘vaksimon to‘pgulni vujudga keltiradi. Mevasi - kosachabarg bilan birlashgan to‘rtta yong‘oqcha. Iyun oyidan boshlab sentabrgacha gullaydi
O‘simlik markaziy nerv sistemasini tinchlantiradi, ovqat hazm qilish va bronxial bezlar sekresiyasini kuchaytiradi. Qaynatmasi kuchli siydik haydovchi sifatida ma’lum. Tog‘rayhon shuningdek, ishtahani ochuvchi va turli xil shamollashlarda balg‘am ko‘chiruvchi sifatida ishlatiladi. Tomoq kasalliklarida chayqash va teri yiring kasalliklarida vanna qilinadi. Tarkibidagi efir moylari tish kasalliklarida og‘riqni qoldiruvchi hisoblanadi.
Bahorda dala molalanib, tekislanadi. Odatda mart-aprelda sabzavot ekiladigan uskunada gektariga 5 kg hisobiga urug‘ ekiladi. Urug‘ bir tekisda tushishi uchun unga 1/5 miqdorida qum yoki boshqa to‘ldirgich modda aralashtiriladi va 0,5 sm.gacha chuqurlikda ekiladi. Shundan keyin ekilgan yerni g‘altak yordamida bir oz zichlash kerak. Maysa unganda, lekin yog‘in-sochinsiz vaqtda, tuproqning yuza qismi quruq vaqtida, shuningdek ekish vaqtida ekkich uskunaga okuchnik tirkab ham egat olinadi. Ketma-ket jildiratib, singdirib sug‘oriladi, aks holda ekin butunlay yuvilib ketishi mumkin. Xususan, ypyg‘ qadalgan tuproq qavati 2-3 hafta mobaynida doim nam tarzda saqlanganidagina urug‘ baravar unib chiqishi mumkin.
Urug‘ qadalganidan 10-16 kun keyinoq maysalar ko‘rina boshlaydi. Dastlabki vaqtda o‘sish sustroq bo‘ladi va uni begona o‘t bosib ketadi. Shuning uchun har ikki marta sug‘orishdan keyin yer yumshatilib, o‘toq qilinadi, ekin zich bo‘lsa yagonalanadi.
Birinchi yili mavsum davomida 12 martagacha, keyingi yillarda 8-9 martagacha sug‘oriladi (aprel-1, may-2(1), iyun-iyul 2 tadan, avgust-2(1), sentabr-1). Iyulning o‘rtalarida egat olishdan oldinroq gektariga 50 kg. hisobida azotli o‘g‘it solinadi. Tog‘rayhonning yer ustki qismi (80 sm uzunlikdagi poyasi) yalpi gullash davrida (iyun oxirlari - iyul boshlarida) o‘rib olinadi. Buning uchun bog‘qaychi, o‘roqdan, katta maydonlarda esa silos yig‘adigan agregat yoki pichan o‘rg‘ichdan foydalaniladi. Bunda keskich qismlar va asboblar soz, o‘tkir bo‘lishi zarur, zero o‘tmas asboblar tog‘rayhon ekinini zararlaydi, o‘simlik xatto ildizi bilan sug‘urilib ketishi mumkin. O‘rib olingan tog‘rayhon shiyponda 7sm. gacha qalinlikda yoyilib, baravar qurishi uchun vaqti-vaqti bilan ag‘darib turiladi. Yaxshi qurigach, 2-2,5 sm katakli g‘alvirdan o‘tkaziladi, gul va barglari poyasidan ajratiladi. Hosildorlik gektar hisobiga 8-10 sentnerni tashkil etadi.