Janubiy Qrimdagi quruq tosh va shag‘alli qiyaliklarda o‘sadi.
Xushbo‘y ruta-Ruta graveolens L., rutadoshlar - Rutaceae oilasiga kiradi. Bo‘yi 70sm. Gacha bo‘lgan hidi yoqimli yarim buta. Poyasi yog‘ochlangan, pastki tomoni shoxlangan bo‘lib, har yili ko‘plab bir yillik novdalar hosil qiladi. Bargi oddiy, umumiy ko‘rinishi uchburchak simon, ikki va uch marta patsimon ajralgan, kulrang-yashil bo‘lib, poyada uzunbandi bilan ketma-ket joylashgan. Barg bo‘lakchalari cho‘ziq-teskari tuxumsimon, to‘mtoq uchli bo‘lib, unda juda ko‘p nuqtalar (efir moyi saqlaydigan joylar) bor. Gullari yashilroq-sariq rangli, qalqonsimon to‘pgulga yig‘ilgan. Eng yuqoridagi gullarida gul kosacha va gul tojibarglari 5 tadan, qolganlari esa 4 tadan, otaligi 8-10 ta, onalik tuguni 4-5 xonali, yuqoriga joylashgan. Mevasi 4-5 xonali, sharsimon ko‘sakcha. Iyun-iyul oylarida gullaydi.
Tibbiyotda xushbo‘y ruta o‘simligining yer ustki qismi preparatlari qon tomirlarning spazmasi natijasida kelib chiqqan bosh og‘rig‘i, pnevmoniya, revmatizm, bolalarda tirishish bilan o‘tadigan kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Bulardan tashqari, qo‘tir va boshqa teri kasalliklarini davolashda ham qo‘llaniladi.
Ruta tabiiy holda O‘rta Yer dengizi, Janubiy Yevropa, Osiyo mamlakatlarida, shu jumladan O‘zbekistonda ham yovvoyi holdao‘sadi. Rossiya, Ukraina va Belorussiya davlatlarida keng maydonlarda ko‘proq ekilib kelinmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasining ayrim sug‘oriladigan tuproqlarining kichik maydonlarida ekilmoqda. Dorivor ruta o‘simligini unumdor, mexanik tarkibi o‘rtacha va stukturali tuproqlarda ekilsa yoki dukkakli o‘simliklardan bo‘shagan yerlarni ajratilsa, yaxshi o‘sadi va undan ko‘proq xomashyo yig‘ib olish mumkin. Dorivor ruta o‘simligi ekiladigan yerlarni kuzda tayyorlashdan oldin gektariga 20-30 tonna go‘ng va 40-50 kg fosfor o‘g‘iti berib, 25-28 sm chuqurlikda haydab qo‘yiladi. Erta bahorda, ya’ni mart oylarining boshlarida yerlarni boronalab va mola bilan tekislab begona o‘tlardan tozalab, tuproq harorati (10-15 sm qatlamida) 15-20°S bo‘lganda ruta urug‘i 1-1,5 sm chuqurlikda, qator oralari 15 sm egatlar oralig‘i 70 sm qilib sabzavot ekish moslamalarida ekiladi. Ruta o‘simligi urug‘idan ko‘payadi. O‘simlikning urug‘i juda mayda bo‘lganligi uchun u sekinlik bilan o‘sadi. Tuproqda nam yetarli bo‘lsa urug‘lar 6-8 kundan keyin unib chiqadi. Namgarchilik yetarli bo‘lmagan yerlarda ekish bilan bir vaqtda sug‘orish uchun egatlar olinadi. O‘simlik yerdan unib chiqqandan keyin unga ishlov berish boshlanadi. Rutani yaxshi rivojlanishi, undan sifatli va mo‘l hosil yetishtirish maqsadida qator oralari kultivatsiya bilan yumshatiladi va begona o‘tlardan tozalanadi. Chunki begona o‘tlar va hasharotlar ko‘proq zarar yetkazishi mumkin.
O‘simlik 2-3 ta chin barg chiqarganda qator oralari o‘tlardantozalanib yagana qilinadi va har bir tupda 2-3 tadan o‘simlik qoldiriladi. Agar urug‘lar to‘liq unib chiqmagan yerlar bo‘lsa, u maydonlarni to‘ldirish uchun (remong) yaganalash natijasida ortib qolgan baquvvat o‘simliklardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ruta o‘simligini o‘suv davrida yaxshi o‘sishi va rivojlanishi uchun gektariga 40 kg hisobidan sof azot va 20 kg dan kaliy o‘g‘iti bilan oziqlantiriladi. Ikkinchi oziqlantirish ruta o‘simligi shonaga kirgan davrda gektar hisobiga 30 kg azot va 20 kg dan fosfor o‘g‘iti bilan oziqlantiriladi. Oziqlantirish har bir sug‘orishdan oldin amalga oshirilishi lozim. Sug‘orishdan keyin ruta o‘simligining oralari yumshatiladi va begona o‘tlardan tozalanadi.Ruta o‘simligi oziqa elementlarga talabchan bo‘lganligi uchun oxirgi oziqlantirishni gullash oldidan 30 kg dan azot va kaliy o‘g‘iti berish bilan tugatiladi. Vegetatsiya davomida rutani havo harorati va tuproq namligini hisobga olgan holda birinchi yili 7-8 marta sug‘oriladi. Ruta o‘simligi ikkinchi yili meva beradi. Ikkinchi va undan keyingi yillarda sug‘orish va oralariga ishlov berish soni ancha kamayadi va uni oziqlantirish xomashyosi o‘rib olingandan keyin amalga oshiriladi. Uning xomashyosi vegetatsiya davomida gullash fazasigacha ikki marta o‘rib olinadi. Rutaning mahsuloti yer yuzasidan 5 sm qoldirilib pichan yoki silos o‘radigan kombayn bilan yig‘ib olinadi. Ruta o‘simligini o‘suv davrida yaxshi parvarish qilinsa, (o‘g‘itlash, sug‘orish, oralariga ishlov berish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi) gektaridan 4-5 tonna ko‘k massa, 600-700 kg quruq mahsulot (barg, gul) va 80-90 kg urug‘ yig‘ib olish mumkin. Ruta o‘simligiga barcha madaniy o‘simliklarga o‘xshab vegetatsiya davomida o‘rgimchakkana, hasharot lichinkalari, barg shirasi ko‘proq zarar keltiradi. Kasallikni oldini olish uchun 10% li oltingugurt kalloid suspenziyasi va desit eritmasi bilan ishlanadi.