Ma’lumki, 2018 y. akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘ida Jahon miqyosida yovvoyi piyoz turlarini saqlab qolishga ixtisoslashgan Global Allium Garden dasturining Toshkent markazi tashkil etilgan yedi. Mazkur markaz Markaziy Osiyo, Eron va O‘rtayer dengizi mamlakatlari florasiga mansub 100 dan ortiq yovvoyi piyoz turlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, Xitoy Fanlar akademiyasining Kunmin Botanika institutidagi markazdan keyin dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi.
GLOBAL ALLIUM GARDEN – O‘zbekiston va Xitoy olimlarining qo‘shma tashabbusi natijasida yaratilgan loyiha bo‘lib, ikki xalq o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik timsoliga ham aylangan.
2025-yil 26-aprel kuni Global Allium Garden ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Xitoy Fanlar akademiyasi Kunmin Botanika instituti professorlari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rahbarlari, Botanika instituti olimlari hamda Toshkent Botanika bog‘i jamoasi ishtirok etdilar.
Piyozlar bog‘ining umumiy maydoni 0,5 gektarni tashkil etadi. Unda nafaqat O‘zbekiston florasining piyoz turkumiga mansub o‘simliklar, balki yurtimizdagi geofit o‘simliklar – lolalar, gulsafsarlar va shirachlar ham o‘rin olgan.
Kolleksiyada har bir piyoz turining lotincha nomi ko‘rsatilgan bo‘lib, unda turlarning tarqalish hududi, biologik xususiyatlari va ahamiyati haqida ma’lumot beruvchi QR-kodlar ham o‘rnatilgan.
O‘zbek-Xitoy Piyozlar bog‘i har ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning yangi bosqichga chiqishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan dastlabki loyihalardan biri sifatida xizmat qilmoqda.