2026 yil aprel oyida Toshkent botanika bog‘i xodimlari xalqaro miqyosdagi eng yirik innovatsion tadbirlardan biri — Rossiya Venchur Forumida ishtirok etdilar. Mazkur forum Russian Venture Forum 2026 doirasida Kazan shahrida (Rossiya Federatsiyasi) bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibiga Biotexnologiya laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari nomzodi Feruza Mustafina hamda kichik ilmiy xodim Xonifabonu Juraeva kirdi. Xizmat safari 8–12 aprel kunlari davom etib, unda ko‘rgazma va kongress dasturida ishtirok etish bilan birga xorijiy hamkorlar bilan ilmiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi.
Forumning asosiy tadbirlari Kazan Expo International Exhibition Center hududida tashkil etildi. Bu yerda turli mamlakatlardan startaplar, innovatsion loyihalar va texnologik yechimlar namoyish qilindi. Forum dasturiga pitсh-sessiyalar, B2B uchrashuvlar, mavzuli panel muhokamalari hamda ko‘rgazma ekspozitsiyasi kiritilgan edi. Ushbu platforma doirasida botanika bog‘i xodimlari Mazkur platforma doirasida botanika bog‘i xodimlari Biotexnologiya laboratoriyasida ishlab chiqilgan innovatsion loyihani — Ungernia victoris o‘simligi to‘qima kulturasi asosida in vitro sharoitda galantamin olish biotexnologik platformasini taqdim etdilar. Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan IL-8624042533 loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
Mazkur loyiha farmatsevtikada keng qo‘llaniladigan, jumladan, Altsgeymer kasalligini davolashda ishlatiladigan galantamin alkaloidining barqaror va ekologik xavfsiz manbasini yaratishga qaratilgan. Ushbu texnologiya noyob o‘simlikning tabiiy populyatsiyalaridan foydalanishni kamaytirish va nazorat qilinadigan laboratoriya ishlab chiqarishiga o‘tish imkonini beradi. Bu esa bioxilma-xillikni saqlash va sanoat samaradorligini oshirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Safar doirasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Delegatsiya Kazan Federal University Botanika bog‘iga tashrif buyurib, o‘simlik genetik resurslarini saqlash, urug‘ banklarini rivojlantirish, o‘simliklarni introduksiya qilish hamda dorivor o‘simliklarni o‘rganishda biotexnologik usullarni qo‘llash bo‘yicha tajriba almashdi. Muzokaralar davomida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda botanika muassasalari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tashrifning muhim natijalaridan biri Toshkent botanika bog‘i va Qozon federal universiteti Botanika bog‘i o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanganidir. Ushbu hujjat xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, bilim almashish hamda botanika va biotexnologiya sohalarida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish uchun mustahkam asos yaratadi.
Umuman olganda, Toshkent botanika bog‘i xodimlarining Rossiya Venchur Forum 2026 dagi ishtiroki ilmiy ishlanmalarni xalqaro miqyosda ilgari surishda muhim qadam bo‘ldi. Erishilgan natijalar muassasaning innovatsion ilm-fan sohasidagi mavqeini mustahkamlash, biotexnologik yo‘nalishlarni rivojlantirish hamda global ilmiy-texnologik makonga integratsiyalashuviga xizmat qiladi.







