Yagona aloqa raqami (+998) 55 512 14 24 Ishonch telefoni (+998) 55 514 14 24

TAVSIYANOMA

  Dunyo florasida efir-moyli o‘simliklarning umumiy soni 2500–3000 turga teng. Sobiq SSSR mamlakatlari florasida 77 oilani ifodalovchi 1100 1300 ga yaqin efir-moyli o‘simliklari aniqlangan. Ko‘proq miqdordagi efir-moyli o‘simliklarni o‘z ichiga olgan asosiy oilalar – Lamiaceae Martinov, Apiaceae Lindl., Asteraceae Berght & J.Prest. Asosiy efir moyli o‘simliklarining global assortimenti unchalik katta emas. Uning 30–40 ga yaqin turi bor. Ular orasida eng muhimlari quyidagi turkumlar: Citrus, Eucalyptus, Abies, Anethum, Lavanda, Mentha, Thymus, Carum, Coriandrum, Foeniculum, Salvia, Juniperus, Rosa, Rosmarinus, Pinus, Ocimum, Artemisia, Geranium, Acorus, Pimpinella, Nepeta, Monarda, Laurus, Lophanthus, Iris va boshqalar (Ткаченко, 2011). O‘zbekiston florasi iqtisodiy va xo‘jalik ahamiyatiga ega turlarga boy bo‘lib, ular orasida 650 tur efir-moyli o‘simliklar sifatida ajratilgan. Taksonomik tahlil turlarning oilalar bo‘yicha maʼlum bir qonuniyatga asoslanmagan holda taqsimlanganligini ko‘rsatgan. Eng ko‘p efir moyli turlar asosan Apiaceae (57 turkumidan 119 tur), Lamiaceae (29/88), Asteraceae (26/65), Brassicaceae (33/46), Rosaceae (25/35), Liliaceae (7/29), Fabaceae (10/24) oilalariga mansub. Turlar xilma-xilligi bo‘yicha Allium L. (18 tur), Artemisia L. (17), Ferula L. va Salvia L. (15 turdan), Nepeta L. (9), Scutellaria L. (8), Prangos Lindl., Bunium L., Dracocephalum L., Phlomoides Moench, Ziziphora L., Rosa L., Haplophyllum Juss., Viola L. (7 turdan). O‘zbekiston florasining o‘ziga xosligi endemik efir moyli o‘simliklarning sonida ham namoyon bo‘ladi. Geobotanik va resurs tadqiqotlari natijasida 39 endem va 15 chegaralangan arealga ega turlar aniqlangan. Aniqlangan efir-moyli o‘simliklar turli ekobiomorflarga mansub bo‘lib, ular ichida ko‘p yillik o‘tlar ustunlik qiladi – 368 tur (56,6%). Ikki yillik va bir yillik o‘tlarning ulushi esa kamroq – 40 va 107 tur (6,1% va 16,5%). Daraxt-butasimon shakllar quyidagicha taqsimlangan: 45 tur daraxtlar (7,0%), 54 tur butalar (8,3%), 24 tur yarimbutalar (3,7%) va 12 tur yarimbutachalar (1,8%) (Xojimatov, 1999).


×