O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi Toshkent Botanika bog‘ining (keyingi o‘rinlarda Botanika bog‘i) tarixi 1920-yildan boshlanadi. Bog‘ning fundamental va amaliy tadqiqotlarga ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida hozirgi o‘rnidagi qurilish ishlari 1950-yildan boshlangan. Umumiy maydoni 66 gektardan iborat bo‘lgan Botanika bog‘i MDH davlatlari orasida yetakchi beshtalikka kiradi. Bu ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy maskanda yer yuzasining turli mintaqalaridan jamlangan 2400 dan ortiq o‘simlik turlari va navlari o‘stirilmoqda. Mavjud ilmiy kolleksiyalarining salmog‘iga ko‘ra Markaziy Osiyoda yetakchilik qiladi va MDH Botanika bog‘lari va Butunjahon Botanika bog‘lari uyushmalarining a’zosi hisoblanadi.
Jamladan, 118 ta davlatlardagi 800 ta botanika bog‘lari bilan ish olib boruvchi hamda o‘simliklarni saqlab qolish bo‘yicha o‘zaro hamkorligi dunyodagi eng katta tarmoqni tashkil etuvchi Xalqari Botanika bog‘larini himoya qilish (BGCI, London) tashkiloti a’zosi hamdir.
Hozirgi kunda Botanika bog‘ida 97 nafar xodim, shu jumladan, 3 nafar fan doktori, 8 nafar fan nomzodi faoliyat olib bormoqda. So‘nggi yillarda Botanika bog‘ining bazasida 7 ta doktorlik (DSc) va 5 ta PhD dissertatsiyalar himoya qilingan. Shuningdek, 3 ta ilmiy laboratoriyalar ishlamoqda.
Botanika bog‘i yetakchi ilmiy akademik tashkilot bo‘lib bioxilma-xillikni saqlash, ekologiya bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, manzarali, qimmatbaho, dorivor o‘simliklar, daraxt va butalarni introduksiyalash va yetishtirish agrotexnologiyalarini ishlab chiqish yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 1-avgustdagi 211-son qaroriga ko‘ra Botanika bog‘ini zamonaviy ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy davlat muassasasi va turistik obyekt sifatida rivojlantirish maqsadida ilmiy-tadqiqot va seleksiya faoliyatini rivojlantirish, o‘simlik dunyosi genofondini saqlash va boyitish, ta’lim va ekologiya-madaniy-ma’rifiy faoliyatni rivojlantirish kabi asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tayyorlangan “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida (project.gov.uz tizimida ID-84377) Botanika bog‘i istirohat bog‘lari qatorida keltirilmoqda.
Botanika bog‘ini boshqa vazirlik yoki idoralar tasarrufiga o‘tkazilishi Respublikada botanika sohasidagi fundamental tadqiqotlarini jiddiy susayishiga, Botanika instituti va Botanika bog‘ining O‘zbekiston Respublikasi bioxilma-xillik saqlashda yangi usullarni ishlab chiqish va tadbiq etish imkoniyatidan mahrum etilishiga hamda Botanika bog‘ining hududdagi ilmiy pozitsiyasini kuchsizlantirilishiga olib keladi.
Shu sababli, (project.gov.uz tizimida ID-84377) qaror loyihasida keltirilgan Toshkent shahri hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida tashkil etiladigan “Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyasiga” Toshkent Botanika bog‘i o‘tkazilmasligini, Ushbu qaror loyihasidan Botanika bog'ini chiqarib tashlashini hamda Botanika bog‘iga Milliy bog‘ maqomini berish orqali uning nufuzini va muhofazasini kuchaytirish kerak, deb hisoblaymiz.