Bizda yovvoyi holda o‘smaydi. Manzarali o‘simlik sifatida Moldova, Ukraina, Rossiyaning Yevropa qismining janubiy tumanlarida hamda Kavkazda, dorivor o‘simlik sifatida esa Krasnodar o‘lkasida, Poltava va Moskva viloyatlarida o‘stiriladi.
Bir yillik, bo‘yi 30-50 (ba’zan 60) sm ga yetadigan o‘t o‘simlik. Ildizi shoxlangan o‘q ildiz. Poyasi qattiq, tik o‘suvchi, asos qismidan boshlab shoxlangan, qirrali bo‘lib, yuqori qismi bezli tuklar bilan qoplangan. Bargi oddiy, bandli, cho‘ziq-teskari tuxumsimon, sertuk, poyada ketma-ket joylashgan. Poyaning yuqori qismidagi barglari bandsiz, tuxumsimon yoki lansetsimon, gullari savatchaga to‘plangan. Mevasi - pista. Iyun oyidan boshlab, kech kuzgacha gullaydi, mevasi iyuldan boshlab yetiladi.
Mahsulotning dorivor preparatlari turli yaralar, kuyganni davolashda, stomatit, angina va boshqa tomoq og‘rig‘i kasalliklarida og‘iz hamda tomoqni chayqash uchun ishlatiladi, shuningdek, gastrit, me’da va un ikki barmoq ichakning yara kasalliklari hamda jigar kasalliklarini davolashda qo‘llaniladi. Kaleflon preparati me’da va o‘n ikki barmoq ichak yara kasalligida yara bitishini tezlatuvchi va yallig‘lanishga qarshi vosita sifatida hamda gastritni davolashda ishlatiladi. Mahsulot ba’zi rak kasalliklarida ishlatiladigan preparatlar tarkibiga ham kiradi. Damlama, nastoyka kalendula― surtma dori va kaleflon (gulning tozalangan ekstrakti) tabletka ko‘rinishida bo‘ladi.
Tirnoqgul ekiladigan yerlarni kuzda yer haydash oldidan gektariga 20-30 tonnadan mahalliy o‘g‘it va fosfor o‘g‘itini yillik normasini 70% ni berib, 25-30 sm chuqurlikda haydab qo‘yiladi. Tirnoqgulni kech kuzda yoki erta bahorda ekiladi. Urug‘larni ekishga tayyorlashda quyidagi Gost qoidalariga rioya qilish zarur: urug‘ konditsiyaga yetgan va I yoki II klass bo‘lishi kerak; tozaligi 94-96% va unuvchanligi 70-75% dan kam bo‘lmasligi kerak. Tirnoqgulni urug‘ini erta bahorda ekishdan oldin yerlarni tekislab, begona o‘tlardan tozalab, tuproq harorati 20-22°S bo‘lganda urug‘lar 2-3 sm chuqurlikka qadaladi va gektariga 10-12 kg urug‘ sarflanadi. Urug‘lar ekish uskunalari yordamida qator oralari 60 sm qilib ekiladi va urug‘lar 7-8 kundan keyin unib chiqishi mumkin. Tirnoqgulni parvarish qilish dastlabki ko‘chat hosil bo‘lishi bilan boshlanadi. Tirnoqgul unib chiqqandan keyin, paykallar o‘toq va yagana qilinib, qator oralariga 15-20 sm masofada har bir uyaga 1-2 tadan o‘simlik qoldiriladi. Qatordagi begona o‘tlar ketmon yordamida tozalanib turiladi.