Ro‘yanning vatani O‘rta Yer dengiz mamlakatlari. Ukraina, Moldova, Rossiyaning Yevropa qismining janubida, janubi-sharqida, Kavkazda (Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston, Dog‘istonda) va O‘rta Osiyoda uchraydi. Asosan ariq bo‘ylarida, butalar orasida, kanallar bo‘yida, dalalarda va bog‘larda o‘sadi. Ro‘yan plantatsiyalarda o‘stiriladi. Mahsulot asosan Dog‘istonda, Ozarbayjonning shimoli-sharqiy qismida va Chechen-Ingushetiyada tayyorlanadi.
Bo‘yoqdor ro‘yan - Rubia tinctorum L. va gruziya ro‘yani Rubia iberica C. Koch. (Rubia tintorum L. var. Iberica Fisch. ex DC) ro‘yandoshlar - Rubicaeae oilasiga kiradi. Ro‘yan turlari ko‘p yillik, bo‘yi 30-150 sm gacha bo‘lgan o‘t o‘simlik. Ildizpoyasi uzun, sudralib o‘suvchi, shoxlangan, silindrsimon, yo‘g‘on, bo‘g‘inli, ko‘p boshli. Poyasi bir nechta, to‘rt qirrali, bo‘g‘inli, sershox va ilmoqli dag‘al tuklar bilan qoplangan. Bargi lansetsimon-tuxumsimon, yaltiroq, pastki tomonidagi yo‘g‘on tomirlari ilmoqli dag‘al tuklar bilan qoplangan, juda ham qisqa bandi bilan poyada 4-6 tadan to‘p-to‘p bo‘lib joylashgan. Gullari mayda, yashil-sariq rangli, barg qo‘ltig‘idan o‘sib chiqqan yarim soyabonga to‘planib, ro‘vaksimon gulto‘plamini tashkil etadi. Gulkosachasi aniq bilinmaydi, tojbargi 5 ta, birlashgan, voronkasimon-g‘ildiraksimon, otaligi 5 ta, onalik tuguni 2 xonali, pastga joylashgan. Mevasi 1-2 urug‘li, sharsimon, oldin qizil, keyinchalik qora rangga aylanuvchi sershira ho‘l meva. Iyun - avgust oylarida gullaydi, mevasi - avgust-sentyabrda pishadi.
Ro‘yan o‘simligi spazmaletik va siydik haydash hamda buyrak toshlarini (fosfatlarni) yumshatish ta’siriga ega. Shuning uchun uni dorivor preparatlari siydik yo‘llari tosh, buyrak tosh hamda o‘t pufagi tosh va podagra kasalliklarida qo‘llaniladi. Dorivor preparatlari. Ildizpoya kukuni (poroshogi), quruq ekstrakg (tabletka holida chiqariladi). Ildizpoya ekstrakti yuqorida aytib o‘tilgan kasalliklarda ko‘llaniladigan sistenal va boshqa preparatlar tarkibiga kiradi.
Ro‘yanga ajratilgan dalalar erta kuzda shudgordan oldin har gektar yerga 15-20 tonna organik o‘g‘itlar, superfosfat berib 27-30 sm chuqurlikda haydaladi. Agar o‘simlik yog‘ingarchilik kam bo‘lgan avtomorf tuproqlarda yer haydash bilan birga gektariga 20 kg azot va kaliy o‘g‘itini berish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ro‘yan urug‘idan va ildizpoya qalamchalaridan ham ko‘payadi. Ekishdan oldin urug‘ni stratifikatsiya qilmasa ham bo‘ladi. Erta bahorda haydalgan yerlar borona, mola va kultivatsiya qilinadi. Tuproqning harorati 10-12°C bo‘lganda mart oylarining o‘rtalarida gektariga 13-15 kg urug‘ sarflanadi. Uning ekilish chuqurligi 4-5 sm dan kam bo‘lmasligi lozim. Urug‘ning unuvchanligi 75-80% dan kam bo‘lmasligi kerak. Tuproqning harorati mo‘tadil va namlik yetarli bo‘lsa ekilgan urug‘lar 10-12 kunda unib chiqadi. Agar ildizpoya qalamchalardan ko‘paytiriladigan bo‘lsa uning unuvchanlik darajasi 80-90% dan kam bo‘lmasligi kerak. Ildizpoyalar erta bahorda 8-10 sm chuqurlikda ekilishi lozim. Gektariga o‘rtacha 10-12 sentner ildizpoya sarflanadi. O‘simliknilg zichligi 1 metrda 10-15 dona. Urug‘ va qalamcha qator oralari 60 sm dan qilib ekilsa, o‘simlik ikkinchi va keyingi yillarda ildizlari yaxshi rivojlanib tuproq yuzasini butunlay qoplanishga sharoit yaratiladi. Ro‘yan o‘simligi birinchi yili 7-8 marta sug‘oriladi, keyingi yillarda sug‘orish soni kamaytiriladi. Birinchi yili o‘simlik oralari yumshatiladi, begona o‘tlardan tozalanadi. Birinchi o‘g‘itlash may va iyun oylarida gektariga 30 kg azot, 20 kg kaliy o‘g‘iti berish bilan amalga oshiriladi. Ikkinchi oziqlantirish avgust oylarida 30 kg azot va 20 kg superfosfat o‘g‘iti berish bilan tamomlanadi. O‘simlikni oziqlantirish sug‘orishdan oldin amalga oshiriladi. Bo‘yoqdor ro‘yanning ikkinchi va uchinchi yillari, dastlabki mevalari ko‘ng‘irtusga kirganda ularning to‘qilib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan yig‘ib olinadi. Ildiz va ildizpoyasini kech kuzda yoki erta bahorda plug bilan yerni 30-35 sm ag‘darib tuproqdan tozalab, suvda yuvib va 45-50°C da ildizini sushilkada quritib olinadi. Urug‘lari qo‘lda yoki mexanizmlarda yig‘ib olinadi. Har gektar yerdan o‘rtacha 80-100 kg urug‘ va 13-14 sentner quruq ildiz yig‘ib olish mumkin.