Qora mevali aroniyaning asl vatani Shimoliy Amerikaning sharqi hisoblanadi. O‘zbekistonda introdusent o‘simlik hisoblanadi.
Qora mevali Aroniya - balandligi 3 metrga yetuvchi va kuchli shohlanuvchi buta bo‘lib, o‘zining tabiiy arealida ( Sharqiy, Shimoliy Amerika) odatda 0,5 m dan 2 mertgacha, ba’zi hollarda 4 metrgacha yetadi. Yosh davrida shox-shabbasi qisilgan kompakt tarzida bo‘lib, keyinchalik o‘sib, diametri 1,5 metrdan 2 metrga yetadi. Bir yillik novdalari qizil-qoramtir bo‘lib, keyinchalik qora-kulrang tusga kiradi. Bargi oddiy, butun va uzunligi 4-8 sm, barg kengligi esa 3-5 sm aylana tuxumsimon shaklda. Barg yuza qatlami qalin, etli, ochiq, qora-yashil; pastki tomoni – oq, dog‘lar bilan qoplangan va kam tukli hisoblanadi. Gullari kichik va ikki jinsli, besh gulbargli, oq yoki bir oz och-qizil rangda, qalqonsimon, diametri 5-6 sm gultojida zich joylashgan. May – iyun oylarida gullaydi. Gullash davri 12-16 kun davom etadi. Mevasi avgust-sentabr oylarida pishadi. Mevasi yumaloq, ba’zida g‘adir-budir aylana shaklda, qoramtir yoki qora-qirmizi rangda, diametri 6-8 mm, nordon – chuchuk ta’mli. Bitta meva og‘irligi 0,6-1,5 gramm. Madaniylashtirilgan navlarining mevalari yirikroq bo‘ladi.
Mevasining 10% miqdorini shakar (asosan glyukoza va fruktoza) va spirt sorbit tashkil etib, oziq-ovqatga shirin ta’m beradi va insonlarda qandli diabet kasalliklarida qand miqdorini sezilarli kamaytirish xususiyatiga ega. O‘simlik mevalari R vitaminlarga boy (o‘rtacha 2000 mg%, hatto 6500 mg% yetishi mumkinligi aniqlangan). Aroniya o‘simligi mevalarida karotin (provitamin A), V, RR, Ye, S vitaminlari mavjud. Mevasi tarkibida o‘rtacha antotsion pigmentlarning miqdori 6,4% ni tashkil etadi. Aroniya o‘simligi mevasi tarkibi mikroelementlarga boy bo‘lib, ular bilan boshqa o‘simliklardan tubdan ajralib turadi. Uning mevasi tarkibida bor, ftor, yodli birikma (100 g toza mevasida 6-10 mg) temir, mis, marganes, molibden birikmalari mavjud. Mevasining umumiy ishqorlik darajasi olma mevasidan 1,3% ga kam. Bundan tashqari mevasida nordon ta’mni beruvchi pektin va oshlovchi moddalar bilan birg,a glikozid amegdalinlari ham mavjud.
Tuproq sharoitiga kam talabchan. Oziqasi kam bo‘lgan tuproqlarda ham yaxshi meva beradi. Soyaga chidamli, lekin bunday sharoitlarda hosildorlik sezilarli darajada pasayib ketadi. Agar, Amerika aroniyasi sovuq iqlim sharoitiga o‘rtacha chidamli bo‘lsa, madaniylashtirilgan aroniya o‘simligi esa -35-40o S ega bo‘lgan qishqi sovuqlarga o‘ta chidamli. Urug‘larini asosan stratifikatsiyalash yo‘li bilan ko‘paytiriladi. O‘zbekiston sharoitida vegetativ usulda, qalamchalar yordamida ko‘paytiriladi. Aniqlanishicha, bir yillik novdaning o‘rta va yuqori qismlaridan rivojlanish to‘xtagan davrda tayyorlangan qalamchalarning ildiz otishi kuchli bo‘ladi. Qalamchalar quyoshdan pana yerdagi usti och rangli mato bilan qoplangan plyonkali issiqxonalarga ekilganida, issiqxonalarga vaqti-vaqti bilan purkab turadigan tuman hosil qiluvchi moslama o‘rnatilganida, geterouksin (beta-indolil sirka kislota)-IUK, alfa-neftil sirka kislota - NUK, beta-indolil yog‘ kislota - IMK singari o‘stiruvchi moddalar bilan ishlov berilganida, qalamchalarning tomir olish miqdori ortadi.