Jagʼ-jagʼ (Аchambiti) - Sapsella Bursa Pastoris Medic. karamdoshlar - Brassicaceae (butguldoshlar - Cruciferae) oilasiga kiradi. Bir yillik, boʼyi 20-30 (baʼzan 60) smga yetadigan oʼt oʼsimlik. Poyasi bitta, baʼzan bir nechta, tik oʼsuvchi, shoxlangan yoki shoxlanmagan. Ildizoldi barglari bandli, choʼziq lantsetsimon boʼlib, turlicha qirqilgan, barg plastinkasiga ega. Poyadagi barglari mayda boʼladi. Gullari shingilga toʼplangan. Mevasi - qoʼzoqcha.
Аprelь oyidan boshlab kuzgacha gullaydi, mevasi iyundan boshlab yetiladi.
Jagʼ-jagʼ yoki achambit Respublikamizda barcha iqlim sharoitlarida oʼsadigan bir yillik oʼt oʼsimligi hisoblanadi. Jagʼ-jagʼ oʼsimligini sugʼoriladigan mintaqalarda ekib oʼstirishda eng asosiy omillardan hisoblangan yerlarni agrotexnik qonun - qoidalariga rioya qilib tayyorlash ekiladigan ekinlardan yuqori hosil yetishtirish imkonini beradi.
Undan tashqari ekinning turlari, koʼp yillik yoki bir yilligi va ularning biologik xususiyatlarini hisobga olgan holda tayyorlanadi. Jagʼ-jagʼ oʼsimligining boʼyi 60-70 sm va ildiz tizimi 10-15 sm gacha tuproq qatlamlarigacha kirishi mumkin. Jagʼ-jagʼ oʼsimligini katta maydonlarda ekiladigan boʼlsa, undan oldin ekilgan oʼtmishdosh ekinlarni hisobga olish maqsadga muvofiq boʼladi. Dalalar barcha begona oʼt ildizlaridan tozalanib, (jagʼ-jagʼ begona oʼtlarga bardosh bera olmaydi) ildiz tizimini hisobga olgan holda haydash chuqurligi belgilanadi. Jagʼ-jagʼ ekiladigan yerlarni haydashdan maqsad begona oʼtlardan tozalash, ularga qarshi kurashish, tuproqning fizik va kimyoviy xossalarini yaxshilash, yerlarni bir xil tekislash va nam saqlashdan iboratdir. Bu tadbirlarni amalga oshirgan holdagina, jagʼ-jagʼ oʼsimligini oʼsishi rivojlanishi va hosildorligi yuqori boʼladi. Kuzda jagʼ-jagʼ ekiladigan maydonlar 30 sm chuqurlikda (20-30 tonna goʼng va 40 kg fosfor oʼgʼiti berib) haydaladi. Erta bahorda yerlar borona va mola mexanizmlari yordamida tekislanib, begona oʼtlardan tozalanib, tuproqning 8-10 sm li qatlami 15-17°S qiziganda, 60-70 sm oraligʼida ariq olinib, urugʼlar 2-3 sm chuqurlikda don va sabzavot ekiladigan seyalkalarda ekiladi. Gektariga 8-10 kg urugʼ sarflash tavsiya qilinadi.
Urugʼlarni ekishdan oddin 0-4°S da tezroq unib chiqishi uchun stratifikatsiya qilish lozim boʼladi. Ekilgan urugʼlar 10-15 kunda unib chiqadi. Maysalar oraligʼi 10-15 sm dan qilib yagana qilinadi. Har bir tupda 2-3 tadan sogʼlom oʼsimlik qoldiriladi. Toʼpbarg va gul chiqarish fazasida kulьtivatsiya qilinadi.
Jagʼ-jagʼ oʼsimligi unib chiqandan soʼng birinchi oʼgʼitlashni amalga oshirish lozim boʼladi va gektar hisobiga 30 kg dan azotli va fosforli oʼgʼitlar bilan oziqlantiriladi. Oʼsimlik gullash fazasida oziqa elementlarni koʼp talab qiladi. Shularni eʼtiborga olib, gullash fazasida azotli va kaliyli oʼgʼitlardan 40 kg dan berib oziqlantiriladi. Oʼsimlikning gullari toʼkilmasligi va poyasi baquvvat boʼlishi uchun kaliy oʼgʼiti bilan oziqlantiriladi. Oziqlantirish sugʼorishdan oldin amalga oshiriladi. Oʼsuv davrida 5-6 marta sugʼoriladi. Uning vegetatsion davri kalta boʼlganligi uchun oziqlantirishni gullash fazasida tugatishni tavsiya qilinadi. Jagʼ-jagʼ ekilgan maydonlarga oʼrtacha gektariga 70 kg azot, 50 kg fosfor va 40 kg kaliy oʼgʼiti bilan oziqlantirilsa, yaxshi hosil yetishtirish imkoni tugʼiladi.
Mahsulot tayyorlash. Oʼsimlik gullashi va mevasi yetilishi davrida ildizi bilan sugʼurib olinadi. Ildizini (baʼzan, ildizoldi barglari bilan) tashlab yuborib, qolgan qismini soya joyda quritiladi.