Virgin archasi (Juniperus virginiana L.) Можвельник виргинский
Virgin archasi (Juniperus virginiana L.) balandligi 15-30 m ga yaqin daraxt. Shox-shabbasi tor tuxumsimon yoki yoyiq. Qubbalari shar shaklida bo‘lib, birinchi yili yetiladi. Bu archa asosan urug‘idan ko‘payadi. Bu tur Shimoliy Amerikaning g‘arbiy va sharqiy shtatlarida tarqalgan, o‘rmonlar hosil qilib o‘sadi. Tuproq tanlamaydi, quruq toshli, qumli va botqoq hamda nam sho‘rtob tuproqlarda o‘saveradi. Qurg‘oqchilikga, havoning ifloslanishiga va soyaga chidamli. Yog‘ochi o‘zakli, yumshoq, hushbo‘y hidli bo‘lib, qalam ishlab chiqarishda ko‘p foydalaniladi, shuning uchun ushbu daraxtning ikkinchi nomi «qalam daraxti» deb ataladi. Undan mayda mebel va boshqa yog‘och uy-buyumlari ham yasaladi. Bu archa Qora dengiz bo‘ylarida, Kavkazda va Qrimda, Ukrainada, Belorussiyada ko‘kalamzorlashtirish maqsadlarida ko‘plab ekiladi. Uni yashil to‘siq sifatida yakka-yakka yoki to‘da-to‘da qilib ekish tavsiya etiladi. Ushbu archa turi O‘zbekiston sharoitiga yaxshi moslashgan archa turi bo‘lib, ko‘kalamzorlashtirishda keng foydalaniladi. Shahar havosining ifloslanishiga va tutunga chidamli tur, Toshkent sharoitlarida o‘sib turgan archa daraxtlarining 80% ga yaqini shu turga tegishli.
Toshkent Botanika bog'iga Juniperus virginiana L. turning urug’lari Kanada davlatidan F.N. Rusanov tamonidan 1956-yilda introduksiya qilish maqsadida olib kelinib ko’chatxonalarga ekilgan. Urug’lardan ekilgan nihollar 1956-yilda unub chiqgan va yosh nihollari 29.03.1957-yilda ignabargli o’simliklar kolleksiyasiga ko‘chirib o‘tkazilgan. Hozirgi vaqtda kolleksiyada ushbu turning 40 -ta katta yoshli daraxtlari o'smoqda.