Mevali zarnab (Taxus baccata L.) Тисс ягодный
Mevali yoki Yevropa zarnabi- (Taxus baccata L) qalin shox-shabbali, tanasi qirrali, sershox daraxt, ba’zan yirik buta bo‘lib, bo‘yi 10-27 metrgacha, diametri 1,5 inetrgacha etadi. Ninabarglari daraxtda 3-5 yilgacha saqlanadi. Zarnab daraxti erta bahorda-fevral oyida gullaydi. Uning mevalari birinchi yili yetiladi. Yetilgan urug‘i ho‘l mevaga o‘xshaydi, uni faqat qushlar iste’mol qiladi va ular yordamida tarqaladi. Zarnab asosan urug‘idan ko‘payadi, urugi kuzda yetiladi. Uning bir qismi bahorda unib chiqsa, qolganlari keyingi 2-4 yillari davomida asta-sekin unib chiqadi. Zarnab qalamchasidan va ildiz bachkisidan ham ko‘payishi mumkin, ko‘chatlari sekin o‘sadi. Qalin o‘rmonzorlarda hosilga tez kirishi kuzatilgan. U 4000 yilgacha yashaydi. Zarnab daraxti har xil tuproqli yerlarda o‘sa oladi. Serunum yerlarda juda yaxshi o‘sadi. Ildizi baquvvat bo‘lganligidan shamolga chidamli daraxt hisoblanadi. Zarnab nihoyatda soyasevar o‘simlik bo‘lib, eman, qoraqarag‘ay va qoraqayin o‘rmonlarining pastki yarusida o‘sadi. U Yevropaning janubida, Kavkazda va kichik Osiyoda hamda shimoliy Afrikada keng tarqalgan. Kavkaz, Qrim tog‘larida dengiz sathidan 2000 metrgacha bo‘lgan balandlikda tabiiy holda o‘sadi. Zarnabning yog‘ochi qizil-qo‘ng‘ir rangda bo‘lib, pishiqligi, qattiqligi va yaltiroqligi bilan ajralib turadi, shuning uchun u turli qimmatbaho mebellar yasashda ishlatiladi.
Toshkent Botanika bog‘iga Taxus baccata L. turning urug‘lari, akademik F.N. Rusanov tamonidan 1954-yilda introduksiya qilish maqsadida olib kelinib ko‘chatxonalarga ekilgan. Urug‘lardan ekilgan nihollar 1955-yilning aprel oyida unub chiqgan va yosh nihollari 1956-yilda Igna bargli daraxtlar kollektsiyasiga ko‘chirib o‘tkazilgan. Hozirgi vaqtda kolliksiyada ushbu turning 3-ta katta yoshli daraxtlar o‘smoqda.