Yagona aloqa raqami (+998) 55 512 14 24 Ishonch telefoni (+998) 55 514 14 24

Area

Qalampir yalpiz yovvoyi holda uchramaydi. Uni Mentha aquatica L. bilan Mentha spicata Gilib. ning o‘zaro chatishishidan vujudga kelgan, deb faraz qilinadi. Qalampir yalpiz asosan Ukrainada (Poltava, Chernigov, Kiev, Sumsk va Jitomir viloyatlarida), Qrimda, shuningdek, Krasnodar o‘lkasida, Voronej viloyatida, Belorus va Moldova respublikalarida o‘stiriladi. Qalampir yalpizning ikki tur xili bor: qora qalampir yalpiz va oq qalampir yalpiz. Oq qalampir yalpizning poya va tomirlari oq yashil, qora qalampir yalpizning poya va tomirlari esa qizil-binafsha rangda bo‘ladi. Dorivor mahsulot sifatida asosan qora qalampir yalpiz tur xili o‘stiriladi. Yalpizning oq tur xilining hidi nozik va yoqimli bo‘lgani uchun u parfyumeriya (atir-upa) va oziq-ovqat sanoati uchun o‘stiriladi.

Botanical description of the plant

Ko‘p yillik, bo‘yi 30-100 sm ga yetadigan o‘t o‘simlik. Poyasi bir nechta, tik o‘suvchi, to‘rt qirrali, tuksiz yoki siyrak tukli. Bargi oddiy, cho‘ziq tuxumsimon yoki lansetsimon, o‘tkir uchli, qirrasi o‘tkir arrasimon. Barglar poyada qisqa bandlar bilan qarama-qarshi joylashgan. Gullari mayda, pushti, och binafsha yoki qizil-binafsha rangda, poya va shoxlar uchida g‘uj joylashgan boshoqchasimon gul to‘plami hosil qiladi. Gulkosachasi naychasimon, binafsha rangli, besh tishli bo‘lib, meva bilan birga qoladi. Gultojisi bir oz qiyshiq, voronkasimon, to‘rt bo‘lakli (boshqa labguldoshlardan farqi), otaligi 4 ta, onalik tuguni 4 bo‘lakli, yuqoriga joylashgan. Mevasi kosachabarg bilan birlashgan 4 ta yong‘oqcha.

Qalampir yalpiz

Medicinal properties

Qalampir yalpiz bargi preparatlari, efir moyidan tayyorlangan yalpiz suvi va nastoykasi ko‘ngil aynishiga va qayt qilishga qarshi hamda ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilashda ishlatiladi. Bundan tashqari, yalpiz suvi og‘iz chayqash va miksturalar ta’mini yaxshilash uchun qo‘llaniladi. 

Efir moyidan ajratib olingan mentol quloq, burun, nafas yo‘llari kasalliklarida hamda tish og‘rig‘ini qoldirish uchun ishlatiladi. Mentoldan bosh og‘rig‘ini qoldiradigan migren qalami tayyorlanadi. Mentol preparati - validol, ko‘krak qisish (stenokardiya) kasalligida ishlatiladi. Efir moyi va mentol oziq-ovqat hamda parfyumeriya sanoatida ham qo‘llaniladi.

Dorivor preparatlari. Bargidan damlama, efir moyidan yalpiz suvi, nastoyka tayyorlanadi; mentol migren qalami va validol (izovalerian kislotaning mentol bilan hosil qilgan murakkab efiridagi mentolning 25-30% li eritmasi) tarkibiga kiradi.

Growing technology

Qalampir yalpizni donli ekinlar maydonlariga joylashtiriladigan bo‘lsa, hosili yig‘ishtirib olingandan so‘ng begona o‘tlar xususiyatiga, agrotexnik talablariga ko‘ra, 10-15 sm chuqurlikda diskali boronalar bilan ag‘darmay yumshatiladi. Oradan 15-20 kun o‘tgach kuzda gektariga 15-20 tonna mahalliy o‘g‘it yoki komiest va 40-50 kg dan sof fosforli o‘g‘itlar kirgizib 27-30 sm chuqurlikda haydab qo‘yiladi. O‘simlikni ekish oldidan tuproqning zichligiga va begona o‘tlarning paydo bo‘lishiga qarab yerlarni kultivatsiya va boronalab qo‘yiladi. Qalampir yalpiz ildizpoya qalamchalardan ko‘paytiriladi. Ekishdan oldin 8-10 sm uzunlikda qalamchalar tayyorlanadi. Erta bahorda qalamchalar (mart- aprel oylarida) 10 sm chuqurlikda tayyorlangan, yaxshi namlangan jo‘yaklarga bir-biridan 20- 25 sm masofada maxsus seyalkalarda yoki qo‘lda ekiladi. Qator oralari 60 va 45 sm dan qilib, har bir uyaga 2 tadan o‘simlik joylashtiriladi va bir gektar yerga o‘rtacha 5-6 sentner ildizpoya qalamchalari zarur bo‘ladi.

Qalamchalar ekilgandan so‘ng sug‘orish egatlari olinadi va tuproq to‘yinguncha sug‘oriladi. Ko‘chatlar ekilgandan so‘ng 4-5 kun o‘tgach ko‘karmay qolgan maydonlarga qayta ekish lozim bo‘ladi.

×