O‘rta Osiyo, Qrim, Kavkaz, Rossiyaning Yevropa qismining janubida va boshqa davlatlarda daraxt soyalarida, tog‘li tumanlarda toshlar soyasida va boshqa soya yerlarda o‘sadi. O‘zbekistonning Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida uchraydi.
Ko‘p yillik, sertukli, 30-60 sm balandlikdagi o‘t o‘simlik. Poyasi bitta yoki ko‘p, qarama-qarshi shoxlangan. Barglari tuxumsimon, bir oz o‘tkir uchli, ser tukli (ustki tomonidan), arrasimon qirrali bo‘lib, qisqa bandi bilan poya va shoxlarida qarama-qarshi o‘rnashgan. Oq rangli, tukli, ikki labli gullari gul bandi bilan barg qo‘ltig‘iga joylashib, to‘p gulni hosil qiladi. Mevasi - 4 ta yong‘oqcha. Iyun-avgustda gullaydi, mevasi iyul-avgustda yetiladi
Limono‘t dorivor preparatlari Ibn Sino aytishicha yurakni mustahkamlaydi va unga yordam beradi, shuningdek, traxoma, xiqichoq tutish, og‘izdan yomon hid kelishi va boshqa kasalliklarni davolaydi. Xalq tabobatida limono‘t bilan nevroz, bronxial astma, ayollarni toksikoz, klimaks, yurak urishini buzilishi va boshqa kasalliklar davolanadi. Limono‘t damlamasi klinik sharoitida sinovlardan o‘tgan va uni tibbiyot amaliyotida tinchlantiruvchi va qon bosimini pasaytiruvchi vosita sifatida qo‘llashga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan. Dorivor preparatlari damlama shaklda foydalaniladi.
Dorivor limono‘t o‘simligini O‘zbekistonning barcha tuproq-iqlim sharoitida ekib o‘stirish mumkin. O‘simlikdan yuqori hosil yig‘ib olish uchun unga sho‘rlanmagan, mexanik tarkibi o‘rtacha, unumdor, dukkakli va g‘allasimon ekinlardan bo‘shagan yerlarni tanlash tavsiya etiladi.
Dorivor limono‘tni bir dalada 5 yilgacha saqlab hosil olish mumkin. O‘simlik ekiladigan yerlarni kuzda 25-28 sm chuqurlikda sifatli qilib haydaladi. Haydash oldidan gektar hisobiga 20-30 tonnadan chirigan mahalliy go‘ng va 50 kg dan fosfor o‘g‘iti bilan oziqlantiriladi. Ekish oldidan yerlarni tekislash, bir yillik va ko‘p yillik begona o‘tlar urug‘ini kamaytirish maqsadida uzunasiga va ko‘ndalangiga diskali borona bilan 6- 8 sm chuqurlikda yumshatiladi va molalash lozim bo‘ladi. Limono‘t yorug‘sevar, namsevar va ko‘p yillik o‘simlik bo‘lganligi uchun urug‘idan yoki shingillarini bo‘lib ekish yo‘li bilan ko‘paytiriladi. Limono‘tni mart oyining oxiri yoki aprel oyining boshlarida tuproq harorati 12-15°C bo‘lganda ekiladi. Urug‘larni sabzavot ekadigan seyalkalarda 2-3 sm chuqurlikda ekiladi. Urug‘lar tuproqqa bir tekis tushishi uchun donador superfosfat bilan aralashtirib ekiladi. Gektariga 6 kg urug‘ sarflanadi.