Katta zupturum - Plantago major L., Zupturumdoshlar - Plantaginaceae oilasiga kiradi. Zupturum koʼp yillik, kalta va yoʼgʼon ildizpoyali oʼt oʼsimlik. Ildizpoyasining yuqori tomonidan(er ustida) uzun, qanotli bandli ildiz oldi toʼpbarglar, pastki tomonidan esa(er ostida )juda koʼp mayda ildizlar oʼsib chiqadi. Ildiz oldi toʼpbarglari keng ellipssimon yoki keng tuxumsimon, tekis qirrali va yirik boʼladi. Gul oʼqi bitta yoki bir nechta, tuksiz, boʼyi 10- 45 sm. Gullari oddiy boshoqqa toʼplangan. Guli mayda, koʼrimsiz. Gulkosachasi toʼrt boʼlakka ajralgan, gultojisi och qoʼngʼir rangli, toʼrt boʼlakli, otaligi 4 ta, 1 onalik tugun» ikki xonali, yuqoriga joylashgan. Mevasi - tuxumsimon, koʼp urugʼli koʼsakcha. May-iyunь oylarida gullaydi.
Oʼzbekiston Respublikasining barcha tuproq va iqlim sharoitida katta zupturum oʼsimligini ekib oʼstirish mumkin. Uning yaxshi oʼsishi va rivojlanishida tuproqning mexanik tarkibi oʼrtacha, ariq suvlari yaqin va begona oʼtlardan tozalangan yerlar ajratilishi lozim. Katta zupturum oʼsimligi ekiladigan maydonlar asosan kuzda, yer haydash oldidan gektar hisobiga 20-25 tonna goʼng, 50 kg dan sof superfosfat oʼgʼiti berib, 22- 25 sm chuqurlikda xaydab qoʼyiladi. Oʼsimlik koʼp yillik boʼlgani uchun uni kuzda va erta bahorda xam ekish mumkin. Аgar katta zupturum oʼsimligi kuzda ekilsa, yerni ekishdan 25-30 kun oldin xaydab qoʼyiladi. Begona oʼtlar paydo boʼlishi bilan kultivatsiya va boronalash oʼtkaziladi. Kuzda urugʼlar tartifikatsiyalanmasdan quruq xolda keng qatorlab ekiladi. Bunda urugʼ qadash chuqurligi 0,5-1,5 sm dan oshmasligi kerak.Kuzda va baxorda ekiladigan urugʼlarning qadash chukurligi 0,5-1,5 sm, ekish normasi gektariga 5-6 kg va unuvchanlik darajasi 70-80% dan kam boʼlmasligi kerak. Urugʼlarni sabzavot ekadigan seyalkalarda ekiladi. Koʼchat qalinligi 1 metrda 8-10 ta toʼp boʼlishi kerak.
Urugʼlar erta baxorda ekiladigan boʼlsa, ekish oldidan ularning unib chikish qobiliyatini tezlashtirish maqsadida (namqumda 18-20° S haroratda 1-2 kun saqlanadi) stratifikatsiya qilinadi, kuzda ekiladigan boʼlsa, stratifikatsiya qilinmaydi. Oʼzbekistonning iklim sharoitida katta zupturum oʼsimligini kuzda ekilsa kam mehnat sarflanadi, ishonchli va toʼliq koʼchatlar hosil qilish imkoniyati tugʼiladi. Kuzda ekilgan urugʼlardan va bahorda ekiladiganlardan ham 10-12 kun davomida maysalar koʼkarib chiqadi. Oʼsimlik ekilgan dalalardan foydalanish 3-4 yil. Katta zupturum oʼsimligini parvarish qilish oʼsimlikda chinbarglar hosil boʼlgandan keyin ularni tuproqqa qoʼshilib ketmasligi uchun ehtiyotkorlik bilan kultivatsiya qilib yer yumshatiladi. Begona oʼtlardan tozalanadi va yagana kilinadi. Vegetatsiya davomida oʼsimlikning rivojlanishini eʼtiborga olib ikki marta gektar hisobiga oʼrtacha 90 kg azot, 40 kg fosfor va 40 kg kaliy oʼgʼiti bilan oziqlantiriladi. Ikkinchi va keyingi yillarda xam shonalash davrida va bargini yigʼib olingandan soʼng kultivatorlar yordamida ikki marta mineral oʼgʼitlar bilan oziqlantiriladi. Oziqlantirish sugʼorishdan oldin amalga oshiriladi. Mavsum davomida harorat va namgarchilikni hisobga olgan holda 10 - 12 marta sugʼoriladi va tuproqni yumshatish va begona oʼtlardan yoʼqotish uchun 4 - 5 marta kultivatsiya qilinadi.
Katta zumturum ekiladigan maydonlarda yuqori darajadagi sifatli agrotexnik tadbirlar amalga oshirilsa, gektaridan 1,5- 2 tonna quruq barg yigʼib olish mumkin